AMALIY TAJRIBALAR VA ILG‘OR PEDAGOGIK YONDASHUVLAR TAHLILI MUMTOZ MUSIQA NAMUNALARINI TAHLIL ETISH ORQALI YOSHLAR ONGIGA SINGDIRISH

Authors

  • Maxmudova Durdona Baxtiyor qizi Author

Keywords:

mumtoz musiqa, pedagogik yondashuv, musiqiy tahlil, yoshlar tarbiyasi, estetik did, ma’naviy qadriyatlar, interfaol metodlar

Abstract

Mazkur maqolada yoshlar ongiga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirishda mumtoz musiqa namunalarining ahamiyati tahlil qilinadi. Shuningdek, amaliy tajribalar hamda ilg‘or pedagogik yondashuvlarning ta’lim jarayonidagi o‘rni yoritiladi. Mumtoz musiqa asarlarini tahlil qilish orqali estetik did, ma’naviy tafakkur va madaniy dunyoqarashni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot davomida interfaol metodlar, musiqiy tahlil va tinglash texnologiyalarining samaradorligi ochib beriladi. Maqola yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalashda musiqa san’atining pedagogik imkoniyatlarini asoslashga xizmat qiladi.

References

O‘zbek mumtoz musiqasining ma’naviy-estetik potensiali, avvalo, uning ma’no tashuvchi matnlar tizimi va musiqiy tilining murakkabligi bilan bog‘liq. Maqom va unga yaqin janrlar ko‘pincha mumtoz adabiyot bilan hamnafas: Navoiy, Jomiy, Bobur, Fuzuliy, Mashrab, Ogahiy kabi shoirlar g‘azallari ijro jarayonida yangi badiiy “hayot” kasb etadi. Bunda so‘zning axloqiy-falsafiy g‘oyalari (komillik, sabr, shukr, muhabbat, vijdon, halollik) ohangning emotsional ranglari bilan qo‘shilib, tinglovchi qalbida chuqur iz qoldiradi. Fitrat o‘zbek musiqasining tarixiy taraqqiyotiga oid qarashlarida milliy musiqaning ijtimoiy vazifasi, estetik mezonlari va ijrochilik an’analariga alohida e’tibor qaratgan bo‘lib, uning fikrlari bugungi kunda ham mumtoz musiqani ma’naviy tarbiya bilan bog‘lashda metodologik ahamiyatga ega.

Shuningdek, Yunus Rajabiy tomonidan Shashmaqomning nota yozuvlari va ilmiy sharhlari mumtoz merosni tizimli o‘rganish, ta’lim jarayoniga olib kirish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi

bu materiallar yoshlar bilan ishlashda repertuar tanlash, tinglash va tahlil ko‘nikmalarini shakllantirish imkonini beradi. O‘zbek tilidagi bunday ilmiy nashrlar mumtoz musiqaning mahalliy madaniy kodlar bilan bog‘liqligini ochib beradi va mavzuning ilmiy legitimligini mustahkamlaydi.

Mumtoz musiqani yoshlar ma’naviy dunyoqarashi bilan bog‘lashda, albatta, motivatsiya muammosi mavjud: ko‘plab yoshlar dastlab bu musiqani “qiyin”, “sekin”, “eski” deb qabul qilishi mumkin. Buni yengish uchun ilmiy asoslangan pedagogik strategiyalar zarur. Birinchi strategiya — “ko‘prik” repertuar: mumtoz musiqadan xalqona ohanglarga yaqin, mazmuni ravshan, melodikasi yod olishga qulay asarlar orqali kirish, keyin murakkab bo‘g‘inlarga bosqichma-bosqich o‘tish. Ikkinchi strategiya — multimodal taqdimot: maqom tarixini faqat ma’ruza bilan emas, arxiv yozuvlari, zamonaviy ijrochilar interpretatsiyasi, jonli ijro, sozlarni ushlab ko‘rish, ritmni tanada his qilish (usul chapaklari) orqali o‘rgatish. Uchinchi strategiya — kontekstual izoh: g‘azal matnidagi ma’nolar, tasavvufiy ramzlar, tarixiy shaxslar haqida qisqa, ammo ilmiy asosli izohlar tinglovchi idrokini chuqurlashtiradi.

To‘rtinchi strategiya — ijtimoiy loyiha: yoshlarni mahalla, muzey, teatr, filarmoniya va madaniyat markazlaridagi tadbirlarga jalb etish, “ustoz-shogird” uchrashuvlarini tizimli yo‘lga qo‘yish.

Beshinchi strategiya — raqamli platformalar: mumtoz musiqani sifatli audio-video, subtitrli matn, qisqa tahliliy sharhlar bilan TikTok/YouTube formatlarida ham to‘g‘ri va ehtiyotkorlik bilan taqdim etish

bunda soddalashtirish badiiy mezonlarni buzmasligi shart.

Maqom san’ati doirasida ma’naviy dunyoqarashga ta’sir qiluvchi yana bir muhim omil — ustoz-shogird an’anasi va ijrochilik etikasi. Ustoz-shogird tizimi nafaqat texnik mahorat uzatilishini, balki kasb odobi, mas’uliyat, kamtarlik, badiiy halollik, sahna madaniyati kabi qadriyatlarning ham avloddan avlodga o‘tishini ta’minlaydi. Bu tizim zamonaviy ta’limning institutsional shakllari bilan uyg‘unlashganda yanada samarali bo‘ladi: masalan, konservatoriya va ixtisoslashgan maktablarda ustozlar bilan individual darslar, ustaxonalar, mahorat darslari, ijodiy laboratoriyalar yo‘lga qo‘yilishi. Shashmaqomni yozma-nazariy va amaliy jihatdan tizimlashtirishga oid ilmiy ishlarda (xususan, Rajabiy merosida) aynan shu davomiylik va maktab masalasi muhim o‘rin tutadi (Rajabiy, 2006). Bu davomiylik yoshlarning ma’naviy dunyoqarashida “merosga mas’uliyat” tushunchasini mustahkamlaydi: san’atni iste’mol qilish emas, uni asrash va davom ettirish ehtiyoji paydo bo‘ladi.

NATIJALAR VA MUHOKAMA

Sarahbaor –“sar” bosh, “ahbor”- habar so‘zining ko‘pligidan iborat bo‘lib, bosh mavzu ma’nolarini anglatadi. Sarahbori Buzruk-Buzruk maqomining Shashmaqomning ashula bo‘limini boshlab beruvchi sho‘ba. Sho‘balarning kuy tuzilmalari asar ijro etiladigan g‘azal matnidagi baytlar orqali ajratiladi. Maqom san’atida har ikki misra bir hat deb yuritiladi. Sarahbori buzruk Lutfiyning “emish” radifli g‘azali bilan ijro etilgan.

Dilbar sog‘inmag‘on jihati bu firoq emish,

Ko‘zdin yiroq bo‘lsa, ko‘ngildin yiroq emish.

G‘azalning birinchi bayt tahlili Dilbar ayriliqqa ishtiyoqmand emasligi, chunki ko‘zdin yiroq bo‘lsa, ko‘ngildan yiroq bo‘lishini, shu bois u doimo oshig‘iga o‘zining borligi haqida ishoralar beradi. Shuningdek, bayt so‘ngida xonandalarning so‘zsiz (hang) ijro etiladigan qismi ham oshiqning ichki tug‘yonini ifodalab beradi. Shoir ushbu o‘rinda (“Ko‘ngil yiroq, mehrdan yiroq”) maqolidan mohirona foydalangan. Mazkur bayt – birinchi xat sanalab, sho‘baning Daromad qismidir. Daromad – musiqa asarlarining kirish qismi hisoblanadi [15

184] va kuyning boshlanish pardalarida ijro etiladi. Ikkinchi xat kuyning o‘rta pardalarida ijro etilgani bois Miyonxat deb nomlanib, shu bilan birga ijroning kvartaga ko‘tarilib kuylanishi so‘zning mohiyatini anglashga turtki beradi. Jumladan:

Tinmas xayoli kunicha ko‘z yoshi qatradin,

Yuz sorini yugurguchi gulgun buroq emish.

Ikkinchi baytida shoir parallelizm tasvirini qo‘llagan bo‘lib, xayol – yuz soriga (burgutning parvozi), ko‘z yosh (yor timsoli)ni gulgun buroqqa (ot) qiyoslab, “Kun bo‘yi xayolim Yor ishqida uchar ot kabi parvoz etadi, ko‘z yoshim ham qatra bo‘lib to‘kilishdan tinmaydi” degan mazmunni ifodalagan.

Saraxborlar odatda xonandalar ansambli tomonidan guruh bo‘lib ijro etiladi. Ijro jarayonida mazkur baytning birinchi misrasini ayol xonandalar ijro etishi holatni ifoda etsa, bu holatga ta’rifni ya’ni ikkinchi misrani erkak xonandalar kuylagani maqsadga muvofiq bo‘ladi. Miyonxat qismida ham xang ijro etilgan bo‘lib, bunda erkak va ayol honandalarning ijrolarida oshiqning dardu-hasratlarini yana ham ochib berishi mumkin.

Sarahbori Buzruk shobasining uchunchi hati Dunasir(ashula boshlanish ohanglarining yuqori pardalarda takrorlanishi) bo‘lib, g‘azalning uchinchi baytida keladi. Bu esa g‘azalni kuy bilan hamohanglikda yuqori pardalarda ijro etishi va oshiqning dardini yana ham ochib berishini ko‘rishimiz mumkin.

Misol:

Bo‘lmas visol birla ko‘ngil dardu dog‘i kam,

Ul to‘ymag‘urda, vah, ne balo ihtiyoj etmish.

Mazkur baytda oshiq yor visoliga yetishgan taqdirda ham ko‘nglidagi dard va hijron olovi kamaymasligini ta’kidlaydi. Qalbidagi ishq va ishtiyoqning cheksizligini “to‘ymag‘ur” obrazi orqali ifodalaydi. Ya’ni ko‘ngil doimo yor mehriga muhtoj bo‘lib, visol ham uning ehtiyojini qondira olmaydi. Baytda ishqning cheksizligi hamda oshiq ruhiyatidagi iztirob va ehtiyojning chuqur falsafiy talqini aks ettirilgan.

Tasavvuf ta’limotiga ko‘ra, oshiq bu dunyodagi barcha go‘zalliklarni ilohiy jamolning zohir bo‘lishi, ya’ni Alloh husnining bir ko‘rinishi sifatida idrok etadi. U ma’shuqaning chehrasida namoyon bo‘lgan ana shu ilohiy nur bilan kifoyalanmay, asl va mutlaq go‘zallikka — Haq jamoliga yetishishni orzu qiladi. Shu bois oshiqning qalbida ilohiy visolga intilish tuyg‘usi tobora kuchayib boradi. Yuqorida ta’kidlanganidek baytning dunasr bir oktava yuqori pardada ijro etilishi misraning ma’nosini yana ham kuchaytirib berishga hizmat qiladi. Baytning hanglar bilan bog‘lanishi esa asarning keyingi jumlasiga o‘tishda muhum hisoblanadi. Maqomlarning tuzilishida ko‘p hollarda dunasrdan so‘ng albatta biron bir namund ijro etiladi. Namund-tojikcha ko‘rinish namoyon bo‘lish, kelish ma’nosida keladi. Ma’lum kuy yoki ashula jumlasini boshqa bir ashula yo‘llari tarkibidagi ko‘rinishi demakdir. Sarahbori Buzruk turkumida dunasrdan keyin Uzzol namundi qo‘llaniladi. Uzzol iborasi pastga tushish, sakrash ma’nosini anglatib, bunda kuy harakati kvarta yoki kvinta intervali darajasida pastga harakatlanadi. Masalan:

Qon bog‘ladi jigarlarni ul g‘amza zahmidin,

Chinu Xitoda nechaki oxu qaroq emish.

Bu baytda bo‘rttirishdan foydalanilgan bo‘lib, jigar o‘zi qon edi, lekin ul g‘amzakor yor bergan zahmidan jigarlar yana ham qon bog‘ladi. Shu sabab Chinu Xitoda ohuning rangi nechundir qaro bo‘lgan emish. Bu yerda shoir o‘zini Chin mamlatidagi qoramtir tusli ohuga taqqoslamoqda. U ham bo‘lgan zahmlardan qorayib ketgan demoqchi bo‘lgan.

Yuqoridagi bayt ma’nosi o‘zidan oldingi misralarga nisbatan kuchli ekanligi kuyda ham o‘z aksini topadi. Mazkur baytda dastlab hofizni dardini namundi uzzol orqali, keying takroriy ijroda esa baytning birinchi misrasiga urg‘u berilib oshiqning holati hanglar orqali tasvirlanadi.

Uzzol namundidan so‘ng eng ta’sirli va mungli ohanga ega namundlardan Muhayyari Chorgoh ijro etiladi. Muhayyar-tuzatilgan, yaxshilangan, tanlab olingan ma’nolarida keladi. Masalan:

Yoydek bo‘ynimni egdi qoshing bori g‘am bila

Kim, egrilikda davri qamar ichra toq emish.

Ushbu baytda shoir parallelizm usulidan foydalangan holda tasvirni kuchaytiradi. Yor qoshining g‘ami tufayli oshiqning bo‘yni kamon (yoy) singari egilgan holatda tasvirlanadi. Bu holat keyingi misrada yanada kengaytirilib, “davri qamar” — ya’ni oyning yoysimon, eng egilgan ko‘rinishi bilan qiyoslanadi. Ma’lumki, Oy Yer atrofida aylanish jarayonida turli fazalarda ko‘rinadi va uning eng yoysimon holati vizual jihatdan eng kuchli egiklik sifatida qabul qilinadi. Shoir shu astronomik hodisani badiiy metafora sifatida olib, oshiq holatini oyning shu ko‘rinishi bilan qiyoslash orqali hissiy kechinmaning kuchini yanada yorqin ifodalaydi. Ushbu misralarning ma’nosini hofizlar tomonidan nolali ijro etilishi tinglovchiga yana ham ta’sirli etib borishini ta’minlaydi. Keyingi hat Muxayyari Chorog‘ namudining davomiy ularning avj hisoblanib, asarning eng yuqori pardalarida ijro etiladi:

Lutfiy, Xiriyda qolmadi she’ringga mushtariy,

Azmi Xijoz qilki, maqoming Iroq emish.

Mazkur baytda shoir Xirotda uni tushunadigan inson qolmaganligini, shu bois Xijozga yo‘l olishini aytib, makonining Iroqdir deydi. Bu esa oshiqning makoni juda uzoqda ekanligiga ishora qilmoqda.

Baytning yuqori pardalarda ijro etilishi, matn va kuyining uyg‘unligi uni yanada jozibadorligini ta’minlaydi va tinglovchining qalbini larzaga keltiradi. Yuqoridagi hat yana bir marotaba takroran ijro etilib, yuqori pardadan asta-sekin pastki pardalarga tomon kuylanadi. Asarning boshlang‘ich pardasiga kelib, so‘ng tamomlanadigan bu qism – Furovard deb atalib, tushirim qismi hisoblanadi.

Saraxbor shu’basi tugallangandan so‘ng birin-ketin taronalar ijro etiladi. “Taronalar maqom ashula bo‘limining birinchi qismidan so‘ng ijro etiladigan kichik shakldagi ashula bo‘lib, raqamlari bilan ajratiladi...” [22

218].

Tarona so‘zi forscha, qo‘shiq yoki ashula turini anglatadi. O‘tmishda ruboiy shaklidagi she’rlar bilan ijro etiladigan ashulalar ham tarona deb yuritilgan. Najmiddin Kavkabiy, Darvesh Ali Changiylarning musiqa risolalarida taronalar kuyining muayyan shakli sifatida tushuntirilgan. Mumtoz adabiyotda esa, ruboiy janrining to‘rtala misrasi ham qofiyalanadigan turi “tarona ruboiy” deb ataladi.

Shashmaqomdagi taronalar ham kichikroq, ixcham, kichik hajmli aytimlardir. Lekin, murakkab doira usuli va kuy harakatiga ega taronalar ham ko‘p uchraydi.

XULOSA

Mumtoz musiqa namunalarini pedagogik va badiiy jihatdan tahlil qilish yoshlar ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda muhim vositalardan biri ekanligi tadqiqot davomida o‘z tasdig‘ini topdi. Xususan, maqom san’atining murakkab musiqiy tuzilishi, falsafiy-poetik mazmuni hamda estetik ta’sir kuchi yosh avlodda milliy qadriyatlarga hurmat, badiiy tafakkur va estetik didni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shashmaqom tarkibidagi Sarahbor, namud, avj va furovard kabi musiqiy qismlarning g‘azal matnlari bilan uyg‘un holda ijro etilishi tinglovchining ruhiy-emotsional olamiga chuqur ta’sir ko‘rsatadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mumtoz musiqa asarlarining mazmun-mohiyatini yoshlar ongiga singdirishda an’anaviy “ustoz-shogird” tizimi bilan bir qatorda zamonaviy pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar, multimodal taqdimot va raqamli platformalardan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, maqom namunalarini matn, ohang va ijro uyg‘unligida tushuntirish orqali yoshlarning musiqani chuqur idrok etish ko‘nikmasi shakllanadi.

Shuningdek, Sarahbori Buzruk sho‘basi misolida olib borilgan musiqiy-poetik tahlillar maqom san’atida kuy va matnning o‘zaro uyg‘unligi yuksak badiiy-estetik tizimni tashkil etishini ko‘rsatdi. G‘azal baytlarining turli pardalarda ijro etilishi, hang va namudlarning qo‘llanishi oshiq ruhiyatini yanada ta’sirchan ifodalashga xizmat qiladi. Bu esa maqom san’atining nafaqat musiqiy, balki ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatini ham namoyon etadi. Demak, mumtoz musiqa yoshlarni ma’naviy barkamollik, estetik tafakkur va milliy o‘zlikni anglash ruhida tarbiyalashda muhim pedagogik resurs bo‘lib, uni zamonaviy ta’lim jarayoniga ilmiy asosda integratsiya qilish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOLAR:

1. Abdurauf Fitrat. O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi. — Toshkent: Fan, 1993.

2. Yunus Rajabiy. Shashmaqom. 6 jildlik. — Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1959–1975.

3. Otanazar Matyoqubov. Maqomot. — Toshkent: Musiqa, 2004.

4. Is’hoq Rajabov. Maqomlar masalasiga doir. — Toshkent: Fan, 1963.

5. UNESCO. Shashmaqom Music. Representative List of the Intangible Cultural Heritage of Humanity. — Paris, 2008.

6. Pauline Oliveros. Deep Listening: A Composer’s Sound Practice. — New York: iUniverse, 2005.

7. Najmiddin Kavkabiy. Musiqa risolasi. — Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008.

8. Darvesh Ali Changiy. Musiqiy risola. — Toshkent: Mumtoz so‘z, 2011.

9. Lutfiy. Devon. — Toshkent: Fan, 1987.

10. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi. Maqom asoslari. — Toshkent, 2018.

Published

2026-05-18